12-fevral kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti hamda Chilonzor tumani 280-sonli umumta’lim maktabi bilan hamkorlik doirasida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etildi.
Mazkur tadbir davomida maktab o‘quvchilari universitetga tashrif buyurib, Talabalar amaliyoti bo‘limi bosh mutaxassisi D. Musurmonov hamda Ingliz filologiyasi fakulteti Ingliz tili amaliy aspektlari o‘qituvchisi, maktab bilan hamkorlik ishlariga mas’ul Sh. Turg‘unova tomonidan samimiy kutib olindi. Tashrif jarayonida o‘quvchilarga universitet faoliyati, ta’lim yo‘nalishlari va yaratilgan shart-sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, mehmonlar universitet kutubxonasi, muzeyi hamda zamonaviy jihozlangan sinxron tarjima xonalari bilan yaqindan tanishtirildi. Ularga xorijiy tillarni o‘rganish imkoniyatlari, amaliy mashg‘ulotlar uchun yaratilgan infratuzilma hamda talabalik hayotining o‘ziga xos jihatlari haqida tushunchalar berildi.
“Ochiq eshiklar kuni” o‘quvchilarga oliy ta’lim muhitini bevosita his etish, kelajakdagi ta’lim yo‘lini aniqroq tasavvur qilish va o‘z oldiga katta maqsadlar qo‘yish uchun muhim imkoniyat yaratdi.