Oʻzbekiston–Fransuz universiteti Vasiylik kengashining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi
2026-yil 18-iyun kuni Oʻzbekiston–Fransuz universiteti Vasiylik kengashining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Yigʻilishga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri hamda Vasiylik kengashi raisi Qoʻngʻirotboy Sharipov raislik qildi.
Unda Fransiyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Valeed Fuque, Oʻzbekiston va Fransiyaning hamkor oliy taʼlim muassasalari vakillari, Vasiylik kengashi aʼzolari hamda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori, Vasiylik kengashi aʼzosi Ilxomjon Tuxtasinov ishtirok etdi.

Yigʻilish davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-noyabrdagi “Oʻzbek–Fransuz universitetini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi, universitetning strategik rivojlanish yoʻnalishlari, taʼlim jarayonini tashkil etish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda boshqaruv tizimini shakllantirish masalalari muhokama qilindi.
Kun tartibiga Vasiylik kengashi nizomini tasdiqlash, universitetning 2026-yilgi ish rejasi va byudjet smetasini koʻrib chiqish, 2026/2027-oʻquv yili uchun magistratura dasturlariga qabul tartiblarini belgilash hamda Puatye universiteti bilan taʼlim xizmatlari sohasidagi hamkorlik masalalari kiritildi.
Yigʻilishda universitet rektori vazifasini vaqtincha bajaruvchi A.A. Nasirov tomonidan Oʻzbekiston–Fransuz universitetida amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish boʻyicha taklif etilayotgan yechimlar yuzasidan hisobot taqdim etildi.

Muhokamalar davomida universitet faoliyati uchun mavjud infratuzilmani moslashtirish, qoʻshimcha akademik binolarni barpo etish, moddiy-texnik bazani yanada mustahkamlash hamda 2026/2027-oʻquv yilidan boshlab fransuz tili yoʻnalishida magistratura dasturini yoʻlga qoʻyish rejalari koʻrib chiqildi. Shuningdek, Puatye universitetining akkreditatsiyadan oʻtgan taʼlim dasturlari asosida qabul jarayonlari va akademik faoliyatni tashkil etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Yigʻilish yakunida universitetning tashkiliy, huquqiy va akademik faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish, Oʻzbekiston va Fransiya oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda xalqaro talablar asosida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan muhim qarorlar qabul qilindi.