O‘zbekiston–Xitoy ta’lim hamkorligi yangi bosqichda
30-yanvar kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti hamda “Silk Road Innovation and Development Institute” tashkiloti o‘rtasida (O‘zDJTU) O‘zbekiston–Xitoy ta’lim hamkorligini yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur kelishuv doirasida O‘zDJTU Xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha prorektori A. Nosirov, Ingliz tili 1-fakulteti dekani G. Ergasheva, Xalqaro aloqalar bo‘limi yetakchi mutaxassisi V. Amanov, Xalqaro aloqalar bo‘limi uslubchisi M. Ogay, “Silk Road Innovation and Development Institute” direktori A. Sharapov, “Silk Road Publishing” tashkiloti bosh muharriri I. Ergashev hamda Xitoyning “Beijing Silk Road Culture Development Co. Ltd.” kompaniyasi prezidenti Zang Hongyan (Shirin) qatnashdilar.
Ta’lim sohasidagi mazkur loyiha doirasida asosiy hamkor bo‘lgan Xitoy kompaniyasi va instituti xalqaro ta’lim integratsiyasini rivojlantirish, madaniy aloqalarni mustahkamlash hamda iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida boy va samarali tajribaga ega ekanini ta’kidlash joiz.
Uchrashuv davomida quyidagi bir nechta ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilindi:
O‘zDJTUning bakalavriat, magistratura va doktorantura (PhD, DSc) dasturlariga xorijiy talabalarni jalb etish hamda qabul jarayonini qo‘llab-quvvatlash;
Universitet ta’lim dasturlarini tanitish bo‘yicha reklama va axborot materiallarini birgalikda ishlab chiqish va tarqatish;
Xorijiy abituriyentlar uchun ariza topshirish va ta’limga tayyorgarlik jarayonida maslahat va amaliy yordam ko‘rsatish;
Qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, konferensiyalar va seminarlarni tashkil etish;
Professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar va talabalar almashinuvi orqali ilmiy salohiyatni oshirish;
Women’s College bilan hamkorlikda xotin-qizlar uchun maxsus ta’lim dasturlari va akademik loyihalarni amalga oshirish.
Ushbu memorandum O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ta’lim, ilm-fan va madaniyat sohalaridagi strategik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Kelishuv ikki tomonlama akademik aloqalarni mustahkamlash, ta’lim sifatini oshirish, yoshlar va xotin-qizlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish hamda xalqaro ta’lim makonida samarali integratsiyani ta’minlashga qaratilgan muhim hujjat hisoblanadi.