13-fevral kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Pedagogika va psixologiya kafedrasi professor-o‘qituvchilari — p.f.n., dotsent M. Aripova, ps.f.b.f.d., v.b. dotsent D. Polvanova hamda o‘qituvchi G. Qalandarovalar 2-talabalar turar joyiga tashrif buyurdilar.
Tashrif davomida talaba-qizlarning yotoqxonadagi sharoitlari, ularning psixologik moslashuvi hamda o‘zaro munosabatlari yuzasidan samimiy suhbat tashkil etildi. Shuningdek, talaba-qizlar ishtirokida “Oilamiz sotsiogrammasi” metodikasi o‘tkazildi.
Mazkur metodikaning asosiy maqsadi — talabalarga oila a’zolari o‘rtasidagi munosabatlar, ruhiy zo‘riqishlarning oldini olish yo‘llari, oilada o‘z o‘rnini anglash hamda sog‘lom psixologik muhitni shakllantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berishdan iborat bo‘ldi.
Suhbat yakunida talaba-qizlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javob oldilar. Tadbir ochiq muloqot va samimiy fikr almashuvlar bilan boy bo‘lib, ishtirokchilarda iliq taassurot qoldirdi.