O‘zDJTU KOICA tomonidan “Eng namunali hamkor tashkilot” nominatsiyasi bilan taqdirlandi
Toshkent shahridagi InterContinental mehmonxonasida 2026-yil uchun KOICA hamkor tashkilotlari vakillari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar natijalarini sarhisob qilish hamda istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama etish maqsadida tashkil etildi.
Mazkur uchrashuvda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti nomidan Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Otabek Yusupov, Sharq filologiyasi fakulteti dekani Dilshod Djurayev hamda Koreys filologiyasi kafedrasi o‘qituvchisi Ilhomjon Rojiboyev ishtirok etdilar.

Tadbirni KOICAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Shin Myung Seop kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida KOICA bilan uzoq yillardan buyon samarali hamkorlik qilib kelayotgan tashkilotlarga minnatdorlik bildirib, ikki davlat o‘rtasidagi ta'lim, ilm-fan va inson resurslarini rivojlantirish yo‘nalishlaridagi hamkorlikning ahamiyatini alohida ta'kidladi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti KOICA bilan olib borayotgan samarali hamkorligi, qo‘shma ta'lim loyihalaridagi faol ishtiroki hamda o‘zaro manfaatli tashabbuslarni muvaffaqiyatli amalga oshirib kelayotgani uchun "Eng namunali hamkor tashkilot" nominatsiyasi bilan taqdirlandi. Ushbu yuksak e'tirof universitetning xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasidagi izchil faoliyati va erishilgan natijalarining munosib e'tirofi bo‘ldi.

Shuningdek, Koreys filologiyasi kafedrasi o‘qituvchisi Ilhomjon Rojiboyev tomonidan KOICA bilan hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar hamda 2024–2026-yillar davomida volontyorlar dasturi bo‘yicha erishilgan natijalar yuzasidan yillik hisobot taqdim etildi. Taqdimot davomida dastur doirasida amalga oshirilgan tashabbuslar, ta'lim jarayoniga qo‘shilgan hissalar va istiqboldagi rejalar haqida batafsil ma'lumot berildi.