OʻzDJTU professor-oʻqituvchilari Pekin chet tillari universitetida xalqaro treningda ishtirok etadi
Joriy yilning 22–29-dekabr kunlari Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining 21 nafar professor-oʻqituvchisi Xitoy Xalq Respublikasining Pekin chet tillari universitetida tashkil etiladigan “Globallashuv davrida oʻqitish texnologiyalarini rivojlantirish” mavzusidagi qisqa muddatli xalqaro treningda ishtirok etadi.
Mazkur treningda universitetning Tarjimonlik, Xalqaro jurnalistika hamda Ingliz tili 1- va 2-fakultetlaridan professor-oʻqituvchilar qatnashadi. Bir haftalik dastur doirasida ishtirokchilarga oliy taʼlimni raqamlashtirish strategiyasi, aqlli texnologiyalar davrida taʼlim berishning ilgʻor konsepsiyalari, zamonaviy rivojlanish tendensiyalari boʻyicha maʼruzalar va amaliy mashgʻulotlar taklif etiladi.
Trening jarayonida raqamli taʼlim dizayni, asosiy kompetensiyalarni rivojlantirish, xalqaro onlayn kurslar (MOOC) ishlab chiqish, madaniyatlararo hamkorlikdagi oʻqishni tashkil etish masalalari oʻrganiladi. Shuningdek, Tsinghua universitetidagi Onlayn taʼlim markazi va Pekin universitetining Taʼlim fakultetiga tashriflar orqali Xitoyning yetakchi oliy taʼlim muassasalarida MOOC platformalari hamda “aqlli kampuslar”ni joriy etish bo‘yicha eng yaxshi amaliyotlar bilan tanishiladi.
Dastur doirasida yetakchi sunʼiy intellekt laboratoriyasi hamda lingvistik tadqiqotlar markaziga tashriflar tashkil etilib, AI asosidagi nutq oʻqituvchisi, aqlli sinfxonalar, avtomatlashtirilgan baholash tizimlari va til bilish darajasini baholashda qoʻllaniladigan zamonaviy texnologiyalar boʻyicha treninglar oʻtkaziladi.
Safar oldidan bugun Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov ishtirokchi professor-oʻqituvchilar bilan uchrashuv oʻtkazib, mazkur xalqaro treningning ahamiyati hamda unda olingan bilim va tajribalarni taʼlim jarayoniga samarali joriy etish zarurligini taʼkidladi.
Mazkur xalqaro trening professor-oʻqituvchilarning raqamli pedagogik kompetensiyalarini oshirish, ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻzlashtirish hamda universitetda taʼlim sifatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.