O‘zDJTU rektori Italiyaning Peruja xorijliklar universiteti delegatsiyasini qabul qildi (dolzarb 90 kun )
25-iyun kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov Italiyaning Peruja xorijliklar universiteti rektori Valerio de Chezaris boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuv davomida Ilxomjon Tuxtasinov Peruja universiteti tomonidan O‘zDJTUning 12 nafar talabasi uchun ajratilgan grant hamda universitetda italyan tilini o‘qitishdagi amaliy ko‘mak uchun chuqur minnatdorchilik bildirdi.
Tomonlar ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash, xususan, italyan tili o‘qituvchilarining malakasini oshirish, O‘zDJTUda italyan tili o‘qituvchilariga ehtiyojning ortib borayotganligini inobatga olgan holda, Italiyadan til mutaxassislarini ta’lim jarayoniga jalb etish masalalari yuzasidan kelishib oldilar. Shuningdek, ilmiy-tadqiqot yo‘nalishidagi hamkorlikni kengaytirish, xalqaro loyihalarni amalga oshirish, jumladan Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi doirasidagi tashabbuslarni ishlab chiqish bo‘yicha fikr almashildi.
Valerio de Chezaris O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetini nafaqat mamlakatda, balki butun Markaziy Osiyoda yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri sifatida e’tirof etib, italyan tili va madaniyatini o‘qitish yo‘nalishida hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanligini ta’kidladi.