O‘zDJTU “She’riyat dunyoni birlashtiradi” xalqaro tanlovida “Eng yaxshi tashkilotchi” mukofotiga sazovor bo‘ldi
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabalari “She’riyat dunyoni birlashtiradi” (诗约四海 — Poetry Connects the World) nomli global xitoy she’riyati qisqa videolar tanlovida faol ishtirok etib, munosib natijalarga erishdi.
Mazkur xalqaro tanlov xitoy tili va madaniyatini targ‘ib etish, yoshlar o‘rtasida madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish hamda xitoy mumtoz she’riyati orqali xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.
Tanlov doirasida ishtirokchilar “Osmon”, “Inson”, “Tog‘” va “Suv” mavzulari asosida xitoy she’riyati, Toshkent shahri manzaralari, talabalik hayoti hamda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi madaniy aloqalarni aks ettiruvchi ijodiy videoroliklarni taqdim etdilar.
Tanlov Xitoy tili ta’limi va hamkorligi markazi — Center for Language Education and Cooperation (CLEC) tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, unda dunyoning 93 davlatidan 700 dan ortiq ijodiy ishlar ishtirok etdi. G‘oliblar hakamlar hay’ati baholari hamda onlayn ovoz berish natijalari asosida aniqlandi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, dunyoning 20 ta ta’lim muassasasi “优秀组织奖” (“Eng yaxshi tashkilotchi”) mukofoti bilan taqdirlandi. Ushbu nufuzli e’tirofga sazovor bo‘lgan ta’lim muassasalari qatoridan O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti ham munosib o‘rin egalladi.
Mazkur yutuq universitetda xitoy tilini o‘qitish sifatini oshirish, xitoy madaniyatini keng targ‘ib qilish hamda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ta’lim va madaniy hamkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan samarali ishlarning amaliy natijasidir.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti jamoasi ushbu muvaffaqiyat bilan Xitoy filologiyasi kafedrasi professor-o‘qituvchilari va faol talabalarni samimiy tabriklaydi hamda ularga kelgusidagi xalqaro tanlov va loyihalarda yanada ulkan zafarlar tilaydi.
2026-06-10 12-22