O‘zDJTU talabalari xalqaro ingliz tili olimpiadasida yuqori natijalarga erishdi

O‘zDJTU talabalari xalqaro ingliz tili olimpiadasida yuqori natijalarga erishdi

2026-yil aprel oyida Turkmaniston Ta’lim vazirligi hamda Dovletmammed Azadi nomidagi Turkman milliy jahon tillari instituti tomonidan tashkil etilgan IIOE-V International Internet Olympiad in English – 2026 xalqaro ingliz tili olimpiadasi yuqori saviyada o‘tkazildi.

Ikki bosqichda tashkil etilgan nufuzli olimpiadada dunyoning 16 ta davlatidan 530 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashdi. Musobaqaning barcha bosqichlari zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida, shaffoflik va adolat tamoyillariga qat’iy amal qilingan holda tashkil etildi.

 


Olimpiadaning yakuniy natijalari 2026-yil 17-aprel kuni Dovletmammed Azadi nomidagi Turkman milliy jahon tillari institutining rasmiy saytida e’lon qilindi. G‘oliblarga 1-, 2- va 3-darajali diplomlar elektron shaklda taqdim etildi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Ingliz tili 2-fakultetining 23 nafar talabasi ushbu nufuzli xalqaro olimpiada g‘olibi bo‘ldi.

Natijalar:

 1-darajali diplom — 12 nafar talaba
 2-darajali diplom — 8 nafar talaba
 3-darajali diplom — 3 nafar talaba

Mazkur yutuq universitetda ingliz tili ta’limi sifati, talabalarning xalqaro maydondagi raqobatbardoshligi hamda ularning bilim va salohiyati yuksak darajada ekanining yana bir yorqin tasdig‘idir.

 



Bugun universitet rektori mazkur xalqaro olimpiadada O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti nomidan ishtirok etgan talabalar bilan uchrashib, ularni erishgan yutuqlari bilan samimiy tabrikladi hamda sertifikatlar bilan taqdirladi. Uchrashuv davomida talabalar va rahbariyat o‘rtasida iliq muloqot bo‘lib o‘tdi, kelgusidagi xalqaro musobaqalarda yanada yuqori natijalarga erishish bo‘yicha fikrlar bildirildi.

G‘olib talabalarni samimiy muborakbod etamiz va ularga kelgusi faoliyatlarida yanada ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz!

 

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube