O‘zDJTU vakillari Erasmus+ KA171 loyihasi doirasida Ispaniyaga tashrifni boshladi
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti delegatsiyasi Erasmus+ KA171 loyihasi doirasida Ispaniyaga tashrifning birinchi kunida xalqaro seminar-trening dasturida ishtirok etdi.
2026-yil 13–17-iyul kunlari O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov boshchiligidagi delegatsiya Ispaniya Qirolligining Logronyo shahrida joylashgan Rioxa universiteti (Universidad de La Rioja)da tashkil etilgan xalqaro seminar-trening va tajriba almashish dasturida ishtirok etmoqda. Mazkur tashrif “2023-1-ES01-KA171-HED-000148842” raqamli Erasmus+ KA171 loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti hamda Rioxa universiteti o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yanada rivojlantirish, Erasmus+ dasturi doirasidagi akademik mobillikni kengaytirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini mustahkamlash, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yangi bosqichga olib chiqishdan iborat.
Tashrifning birinchi kuni O‘zDJTU delegatsiyasini Rioxa universitetining Xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori Carmen Novo Urraca hamda Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Ana Pajares Ciercoles samimiy kutib oldi.
Uchrashuv davomida tomonlar Erasmus+ KA171 loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalarni sarhisob qildilar. Shuningdek, hamkorlikning bugungi holati, amalga oshirilayotgan loyihalarning samaradorligi hamda istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Muloqot chog‘ida akademik mobillik dasturlarini kengaytirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yanada faollashtirish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, innovatsion ta’lim tashabbuslarini rivojlantirish hamda yangi xalqaro grant loyihalarini birgalikda ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
Seminar-treningning ilk kunida ishtirokchilarga Rioxa universitetining xalqaro hamkorlik siyosati, Erasmus+ dasturlarini muvaffaqiyatli amalga oshirish tajribasi, xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan ishlash mexanizmlari hamda ta’limni internatsionallashtirish yo‘nalishida olib borilayotgan zamonaviy yondashuvlar haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
2026-07-14 01-40