O‘zDJTUda bitiruvchi kurs talabalari uchun “Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi” tashkil etildi
9-iyun kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida bitiruvchi kurs talabalari bandligini ta’minlash, ularning ishga joylashishiga ko‘maklashish hamda mehnat bozoriga integratsiyasini kuchaytirish maqsadida “Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi” bo‘lib o‘tdi.
Tadbir universitetning Xalqaro jurnalistika fakulteti, Magistratura bo‘limi, Karyera markazi hamda Registrator ofisi hamkorligida tashkil etildi.
Yarmarkani Xalqaro jurnalistika fakulteti dekani A. Matyakubov ochib berdi. U o‘z nutqida bitiruvchilarning bandligini ta’minlash, ularni munosib ish o‘rinlariga yo‘naltirish va yosh mutaxassislarning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Tadbirda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining Media loyihalar va hududiy bo‘limlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Navbahor Darxonova, O‘zLiDeP Yoshlar shaharchasi kengashi raisining birinchi o‘rinbosari – apparat rahbari Amin Rustamov hamda turli tashkilot va korxonalar vakillari ishtirok etdi.
Yarmarkada 360 nafardan ortiq bitiruvchi kurs talabalari qatnashib, ish beruvchilar bilan bevosita muloqot qildi, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishdi hamda kelgusidagi mehnat faoliyati uchun zarur ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Tadbir doirasida ta’lim, jurnalistika va boshqa yo‘nalishlarda faoliyat yurituvchi 16 ta tashkilot va korxona tomonidan jami 132 ta bo‘sh ish o‘rni taklif etildi. Ishtirokchilar vakansiyalar, amaliyot dasturlari va istiqbolli hamkorlik takliflari bilan tanishib, ishga qabul qilish tartibi, mehnat sharoitlari hamda kasbiy rivojlanish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot oldilar.
Yarmarka yakunida bir qator bitiruvchilar va ish beruvchilar o‘rtasida dastlabki kelishuvlarga erishildi. Mazkur tadbir yoshlar bandligini ta’minlash, ularni kasbiy faoliyatga yo‘naltirish hamda ta’lim va mehnat bozori o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
2026-06-10 12-25