23-sentabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Hindistondan kelgan ingliz tili o‘qituvchilari bilan uchrashuv tashkil etildi. Mazkur muloqot universitetning xalqaro ta’lim maydonida kengayib borayotgan hamkorlik aloqalariga yana bir yorqin misol bo‘ldi.
Tadbirda rektori I.M. Tuxtasinov, Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor A. Nasirov, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i X. Yuldashev qatnashdi.
Mehmonlar safida hindistonlik ingliz tili mutaxassislari — Tarjimonlik fakultetidan Alam Mohammad Musavvir hamda Ingliz tili 2-fakultetidan Sodiq Ali Muhammad ishtirok etib, o‘z faoliyat yo‘nalishlari hamda talabalar bilan olib borayotgan ishlar haqida so‘z yuritdilar.
Suhbat chog‘ida universitet va talabalar turar joyida yaratilgan sharoitlar, talabalar ingliz tilini o‘zlashtirishdagi muvaffaqiyatlari va kelgusida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan tashabbuslar muhokama qilindi. Mehmonlar, xususan, amaliy mashg‘ulotlarni ko‘paytirish, talabalarda nutqiy ko‘nikmalarni rivojlantirish va xalqaro olimpiadalarda faol ishtirok etishlarini ta’minlash bo‘yicha takliflar bildirdilar.
Uchrashuv samimiy va do‘stona muhitda o‘tdi. Hindistonlik o‘qituvchilar O‘zDJTU talabalari bilan ishlashdan mamnun ekanliklarini ta’kidlab, universitet rahbariyatiga ko‘rsatilayotgan e’tibor uchun minnatdorlik izhor etdilar. Shuningdek, universitet rahbariyati ularni ilmiy tadqiqot faoliyatida faol ishtirok etish, Scopus va boshqa nufuzli jurnallarda maqolalar chop etish bo‘yicha tavsiyalar bilan qo‘llab-quvvatladi.