O‘zDJTUda juma — sport kuni etib belgilandi
2026-yil 7-aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida jismoniy tarbiya va sport sohasini yangi bosqichga olib chiqish, aholini ommaviy sportga keng jalb etish bo‘yicha muhim vazifalar belgilandi. Jumladan, haftaning bir kunini sport kuni sifatida tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.

Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida haftaning juma kuni sport kuni etib belgilandi.
Shu munosabat bilan bugun erta tongdan darsdan bo‘sh vaqtlarida universitet professor-o‘qituvchilari, xodimlari hamda talabalar o‘rtasida sport musobaqalari tashkil etilmoqda. Xususan, futbol, voleybol va tennis bo‘yicha bellashuvlar ko‘tarinki ruhda o‘tkazilmoqda.
Mazkur sport tadbirlarida universitet rektori Ilxomjon Tuxtasinov ham faol ishtirok etib, jamoalar bilan bir safda maydonga tushdi. Bu esa nafaqat sportga bo‘lgan e’tibor, balki sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish borasida muhim namuna bo‘lmoqda.

Musobaqalarda professor-o‘qituvchilar va talabalar birgalikda ishtirok etayotgani jamoada o‘zaro hamjihatlik, sog‘lom raqobat va ijobiy muhitni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Shuningdek, universitet rahbariyati vakillarining bevosita ishtiroki sport tadbirlariga alohida ruh va mazmun bag‘ishlamoqda.