O‘zDJTUda Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazildi
2026-yil 26-iyun kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida 27-iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbirni universitet rektori, professor Ilxomjon Tuxtasinov ochib berdi hamda soha vakillari, professor-o‘qituvchilar, jurnalistlar va jurnalistika yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarni kasb bayrami bilan samimiy muborakbod etdi.

Rektor o‘z tabrik so‘zida bugungi globallashuv davrida axborot makonining ahamiyati tobora ortib borayotganini, jamiyatni tezkor, xolis va ishonchli axborot bilan ta’minlash, voqea-hodisalarni haqqoniy yoritish hamda jamoatchilik fikrini shakllantirish jurnalist zimmasidagi sharafli va mas’uliyatli vazifa ekanini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni keng jamoatchilik va xalqaro hamjamiyatga tezkor hamda xolis yetkazishda ommaviy axborot vositalarining o‘rni beqiyos ekanini qayd etib, zamonaviy media muhitida raqobatbardosh, xorijiy tillarni mukammal egallagan va yuqori kasbiy salohiyatga ega jurnalistlarni tayyorlash O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining ustuvor vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi.
Tadbirda universitetning faxriy ustozlari Xurshid Do‘stmuhammad, Ahmed Jasim Abbas Al-Zubaidi, sport sharhlovchisi Mirzahakim To‘xtamirzayev, mahoratli telejurnalist Nozima Vohidova hamda boshqa soha vakillari so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni kasb bayrami bilan samimiy tabrikladilar.

Mehmonlar o‘z chiqishlarida jurnalistika kasbining jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, ommaviy axborot vositalarining mamlakat hayotidagi ahamiyati, soha vakillarining fidoyiligi hamda bugungi axborot makonida xolis, tezkor va ishonchli axborot yetkazish masalalari haqida fikr-mulohazalar bildirdilar. Shuningdek, ular universitetda jurnalistika ta’limiga qaratilayotgan e’tibor, yosh kadrlarni tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholab, mazmunli va yuksak saviyada tashkil etilgan bayram tadbiri uchun universitet rahbariyatiga o‘z minnatdorliklarini izhor etdilar.
Tadbir davomida universitet professor-o‘qituvchilari, jurnalist ustozlar hamda Axborot xizmati bo‘limi jamoasining universitet faoliyatini keng yoritish, uning ilmiy, ta’limiy va xalqaro yutuqlarini ommaga tezkor va sifatli yetkazishdagi xizmatlari e’tirof etildi.
Bayram tadbirining tantanali qismida Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan universitetning ta’lim, ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy, madaniy hamda xalqaro faoliyatini ommaviy axborot vositalari va raqamli platformalarda keng yoritish, universitet nufuzini yuksaltirish hamda samarali hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan munosib hissasi uchun bir guruh professor-o‘qituvchilar, jurnalistlar, Axborot xizmati xodimlari va jurnalistika yo‘nalishi talabalari Tashakkurnoma bilan taqdirlandi.
Tadbir bayramona ruhda davom etib, unda soha vakillarining mashaqqatli mehnati, kasbiy fidoyiligi va universitet taraqqiyotiga qo‘shayotgan munosib hissasi yana bir bor yuksak e’tirof etildi. Mazkur uchrashuv jurnalistika sohasining nufuzini yanada yuksaltirish, tajriba almashish hamda yosh jurnalistlarni kasbga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan samimiy muloqot maydoniga aylandi.