O‘zDJTUda Pekin chet tillar universiteti delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2-iyul kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Pekin chet tillar universiteti (BFSU) delegatsiyasi bilan rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Xitoy ta’lim jamiyati vitse-prezidenti, Pekin chet tillar universiteti professori Dinghua Wang, Ta’lim fakulteti dekani Dayong Yuan hamda Ta’lim maktabi dotsenti Xiaodong Wang ishtirok etdi. Mehmonlarni O‘zDJTU rektori I. Tuxtasinov boshchiligidagi universitet rahbariyati kutib oldi.

Muloqot davomida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Jumladan, talaba va professor-o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, darslik va o‘quv adabiyotlarini almashish hamda hamkorlikda o‘quv qo‘llanmalarini yaratish, xorijiy til o‘qituvchilari uchun qo‘shma malaka oshirish kurslarini tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, ilmiy-tadqiqot yo‘nalishida hamkorlikni kengaytirish, xalqaro ilmiy jurnallarda maqolalar chop etish, xalqaro konferensiyalarni birgalikda tashkil etish va ularda ishtirok etish, shuningdek, qo‘shma ta’lim (double degree) dasturlarini amalga oshirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, ta’lim va ilmiy aloqalarni yanada mustahkamlash borasida kelgusidagi rejalarni belgilab oldilar.