O‘zDJTUda “Tinchlik — eng oliy ne’mat” mavzusida ma’rifiy uchrashuv o‘tkazildi
28-sentabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida talaba-yoshlarning turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishining oldini olish, ularning mafkuraviy immunitetini mustahkamlash hamda ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish maqsadida “Tinchlik — eng oliy ne’mat” va “Jaholatga qarshi — ma’rifat bilan kurash!” mavzularida ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov ochib berdi. Rektor o‘z so‘zida tinchlik va osoyishtalik jamiyat taraqqiyoti, yoshlarning ta’lim olishi va kelajakdagi intilishlarini ro‘yobga chiqarish uchun muhim omil ekanini ta’kidladi. Shuningdek, talaba-yoshlarni turli zararli g‘oyalar ta’siridan asrash, ularda mustahkam dunyoqarash, tanqidiy fikrlash va axborotdan to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish muhimligini qayd etdi.
Uchrashuvda universitet rahbariyati vakillari, mas’ul xodimlar hamda talaba-yoshlar, shuningdek, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Toshkent shahar hududiy boshqarmasi Uchtepa tumani bosh mutaxassisi Nuriddinov G‘olib Burievich, Toshkent shahar Olmazor tumani ma’rifiy targ‘ibot bosh mutaxassisi Nurmatov Nodirbek Ubaydullaevich hamda Uchtepa tumani IIO FMB xodimi Aripxodjaev Abdug‘afur Abduraufovich mehmon sifatida ishtirok etdi.
Mutaxassislar mavzu yuzasidan ma’ruzalar qilib, tinchlik va barqarorlikni asrash, jaholat va buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi ma’rifat bilan kurashish, yoshlarni turli yot ta’sirlardan himoya qilish masalalariga to‘xtaldilar. Shuningdek, internet va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan axborotlarga nisbatan hushyorlik bilan yondashish, turli ma’lumotlarni tahlil qilish va ishonchli manbalardan foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Tadbir so‘ngida universitet rektori Ilxomjon Tuxtasinov mehmonlarga uchrashuvdagi ishtiroki va mazmunli ma’ruzalari uchun minnatdorlik bildirib, ularga tashakkurnomalar taqdim etdi.
2026-09-29 09-16