O‘zDJTUda Turkiya–O‘zbekiston hamkorligi doirasidagi xalqaro mutaxassislar almashinuvi dasturining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi
8-iyun kuni “Qadimiy so‘z izida: Turkiya–O‘zbekiston til va adabiyoti mutaxassislar almashinuvi dasturi” doirasida Turkiya Respublikasidan tashrif buyurgan 12 nafar mutaxassisdan iborat delegatsiya O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti vakillari tomonidan kutib olingan edi.
10-iyun kuni esa mazkur dastur doirasidagi asosiy tadbir – rasmiy ochilish marosimi va ilmiy-madaniy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Xalqaro hamkorlik aloqalari bo‘yicha prorektori Abdurahim Nosirov ochib berib, mehmonlarni universitet jamoasi nomidan samimiy qutladi. U o‘z nutqida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi tarixiy do‘stlik va qardoshlik rishtalari bugungi kunda ta’lim, fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlikda ham o‘zining yorqin ifodasini topayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, prorektor mazkur almashinuv dasturi ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini kengaytirish hamda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro faoliyati, ilmiy salohiyati, xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha ilg‘or tajribalari hamda xalqaro hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Uchrashuv davomida ikki mamlakat mutaxassislari xorijiy tillarni o‘qitish metodikasi, akademik mobillik dasturlari, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar hamda xalqaro grant loyihalari yuzasidan fikr almashdilar. Shuningdek, istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari va yangi tashabbuslar muhokama qilindi.

Dastur doirasida mehmonlarga hamrohlik qilish va tadbirlarni tashkil etishda O‘zDJTU Ingliz tili 3-fakulteti Ikkinchi chet tili kafedrasi mudiri E. Moydinova, dotsent Dj. Shabanov, katta o‘qituvchilar D. Axmedjanova, N. Abdurahimova, Jennet Güler, loyiha koordinatori Muhammed İkbâl Güler hamda Tarjimonlik fakulteti talabalari faol ishtirok etdilar.
Mazkur xalqaro almashinuv dasturi Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi ta’lim, fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish hamda istiqbolli qo‘shma loyihalar uchun mustahkam zamin yaratdi.