O‘ZDJTUDA XALQARO QIZLAR KUNI MUNOSABATI BILAN BAYRAM TADBIRI BO‘LIB O‘TDI
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida 11-oktabr — Xalqaro qizlar kuni munosabati bilan bayram tadbiri hamda “Lider qizlar” va “Qizlarjon” klublari a’zolari uchrashuvi tashkil etildi.
Tadbirda O‘zDJTU rektori Ilxomjon Tuxtasinov hamda rektorning xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Shohida Batirovna ishtirok etdi.
Tadbirni ochib bergan O‘zDJTU rektori Ilxomjon Tuxtasinov o‘z nutqida Xalqaro qizlar kunining mazmun-mohiyati, mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ta’lim olishi, o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi va jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida to‘xtaldi.
Rektor o‘z tabrigida qizlarni Vatan kelajagining bunyodkorlari sifatida e’tirof etib, ularning bilim olishi, yetakchilik qobiliyatlarini rivojlantirishi va yangi marralarni zabt etishi muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, yosh qizlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularda mas’uliyat va liderlik ko‘nikmalarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratdi.
Bayram doirasida “Lider qizlar” va “Qizlarjon” klublari faoliyati, ularning tashabbuslarini yanada rivojlantirish hamda qizlarning universitet hayotidagi faolligini oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, klublar sardorlariga ishonchnomalar topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Bayram tadbiri samimiy muloqot, ezgu tilaklar va ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi.
2026-10-12 09-45