O‘zDJTUda Yaponiya bilan hamkorlikda talabalarni ish bilan ta’minlash markazi ochiladi
2026-yil 13-may kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Yaponiyaning JBSD (Japan Business Skills Development) kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda talabalar va bitiruvchilarning bandligini ta’minlash, ularni Yaponiyada mutaxassisligi bo‘yicha ish bilan ta’minlash hamda kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda JBSD kompaniyasining O‘zbekistondagi filiali rahbari Tomihiko Sato, kompaniya direktori maslahatchisi Maksim Gongchanov va kompaniya mas’ul xodimlari ishtirok etdi. Universitet tomonidan esa rektor, professor Ilxomjon Tuxtasinov, Xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha prorektor A. Nasirov, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i X. Yuldashev, Sharq filologiyasi fakulteti dekani D. Djurayev, Yapon filologiyasi kafedrasi mudiri N. Xamidova hamda kafedra dotsenti M. Ibragimova qatnashdilar.
Tadbir davomida mehmonlarga universitet faoliyati, so‘nggi yillarda ta’lim sifati va xalqaro hamkorlik yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Tomihiko Sato O‘zDJTU faoliyatini yuqori baholab, yapon tilini o‘qitish va talabalarni xalqaro mehnat bozoriga tayyorlash borasidagi ishlarni e’tirof etdi.
Uchrashuvda O‘zDJTU huzurida JBSD kompaniyasi bilan hamkorlikda “Kasbiy ta’lim markazi” tashkil etish tashabbusi ilgari surildi. Mazkur markaz orqali talabalar va bitiruvchilarni Yaponiyadagi munosib ish o‘rinlariga yo‘naltirish, yapon biznes madaniyati, kasbiy kommunikatsiya va ish muhiti bo‘yicha tayyorlov kurslarini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, talabalarni Yaponiyadagi kompaniyalarga mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashtirish, individual konsultatsiyalar o‘tkazish, ish beruvchilar bilan suhbatlarni tashkil qilish hamda hujjatlarni rasmiylashtirish kabi yo‘nalishlarda hamkorlik qilish masalalari ko‘rib chiqildi.

Suhbat davomida Tokio va Yaponiyaning boshqa hududlaridagi kompaniyalar bilan hamkorlikni kengaytirish, turizm va mehmondo‘stlik yo‘nalishlarida maxsus kurslar tashkil etish hamda universitet–talaba–kompaniya o‘rtasidagi uch tomonlama hamkorlik modelini rivojlantirish bo‘yicha fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlik memorandumini imzolash, ishchi guruh shakllantirish va amalga oshiriladigan loyihalarni tizimlashtirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
Ta’kidlanganidek, ushbu hamkorlik O‘zDJTU talabalari va bitiruvchilarining xalqaro mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish, ularning kasbiy malakasini mustahkamlash hamda Yaponiyada muvaffaqiyatli faoliyat yuritishlari uchun muhim imkoniyat yaratadi.