O‘zDJTUda Yaponiyaning FPT Consulting Japan Co., Ltd. kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv
2-oktyabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Yaponiyaning FPT Consulting Japan Co., Ltd. kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mexmonlarni Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor A. Nasirov, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i X. Yuldashev hamda Yapon filologiyasi kafedrasi mudiri N. Xamidova qabul qildi.
Muloqot davomida kompaniya vakillari — guruh rahbari Takuya Suzuki, bosh konsultant Saito Yumiko va konsultant Ryo Itoga universitet faoliyati, xususan yapon tili bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan samarali ishlar bilan tanishdilar. Shuningdek, O‘zDJTU faoliyatiga oid videorolik namoyish etildi.
Kompaniya konsultanti Saito Yumiko O‘zDJTU O‘zbekistonda yapon tili mutaxassislarini tayyorlovchi yetakchi oliy ta’lim muassasasi ekanligini e’tirof etib, Yaponiyada axborot texnologiyalari sohasida kadrlar uchun katta ehtiyoj mavjudligini qayd etdi. Shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
O‘z navbatida, A. Nasirov va X. Yuldashev universitetning yuqori kurs talabalari yapon tili bo‘yicha B2 va C1 darajadagi sertifikatlarga ega ekanligini ta’kidlashdi. Yapon tomonining qisqa muddatli onlayn va offlayn kasbiy tayyorgarlik kurslarini tashkil etishi, shuningdek, talabalar amaliyotini yapon kompaniyalarida o‘tashini yo‘lga qo‘yish har ikki tomon uchun manfaatli bo‘lishi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi va istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan kelishib oldilar.