Sport vazirligida Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan targ‘ibot seminari o‘tkazildi
Olimpiya shaharchasida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligida mamlakatimiz davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan targ‘ibot seminari o‘tkazildi.
Seminarda Sport vaziri maslahatchisi Sharifjon Momindjanov, vazirlik markaziy apparati xodimlari hamda tizim tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqining mazmun-mohiyati, unda ilgari surilgan g‘oyalar, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan fikr almashildi.
Seminarda filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi Mansur Yunusov, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti psixologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent v.b., “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi Zebiniso Xayrullayeva hamda sotsiologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent, RMM bo‘lim boshlig‘i Suxrob Xidirov ma’ruza qildi.
Ma’ruzalarda O‘zbekistonning mustaqillik yillaridagi taraqqiyot yo‘li, tarix, milliy o‘zlik, ma’naviy meros, inson qadri, erkinlik, ta’lim va bilim, sog‘lom turmush tarzi, yoshlar masalalari, shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyati va kelgusidagi ustuvor vazifalar haqida atroflicha fikr yuritildi.
Shuningdek, Prezident nutqida belgilangan vazifalarni mazmunan chuqur anglash, ularni keng jamoatchilikka yetkazish, sport tizimida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yanada kuchaytirish hamda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Seminar yakunida ishtirokchilar O‘zbekiston davlat sport akademiyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.