Bugun Sputnik xalqaro axborot agentligi va media platformasi vakillari O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Xalqaro jurnalistika fakultetiga tashrif buyurdi.
“Jurnalistning kasb etikasi kodeksi” mavzusida o‘tkazilgan mahorat darsida jurnalistikaning asosiy tamoyillari, ob’yektivlik va jamiyat oldidagi mas’uliyat haqida so‘z bordi.
Sputnik Uzbekistan saytining katta muharriri Mariya Krasovskaya jurnalistlar qaysi qoidalarga amal qilishi, axborot bilan ishlashda halollik va ishonchlilikni qanday saqlash kerakligi haqida batafsil tushuncha berdi.
Dars davomida talabalarga hayotiy misollar asosida kasb etikasi bilan bog‘liq muammolar va ularni hal qilish yo‘llari tushuntirildi. Shuningdek, erkin fikr bildirish va axborot tarqatishdagi mas’uliyat chegaralari muhokama qilindi.
Shuningdek, Sputnik xalqaro axborot agentligi Xalqaro jurnalistika fakultetida tahsil olayotgan 4 nafar talabaga Moskvadagi ofisida bepul o‘qish imkoniyatini taklif etdi. Ushbu taklif fakultet rahbariyati vakillari hamda talabalar tomonidan mamnuniyat bilan kutib olindi.