TALABALAR SPORTIGA QARATILGAN YANA BIR YIRIK LOYIHAGA START BERILDI!
Bugun, 6-aprel kuni Toshkent shahridagi Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati muzeyida “Yangi O‘zbekiston talabalar olimpiadasi” sport musobaqalarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur loyiha Sport vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Milliy olimpiya qo‘mitasi hamkorligida yo‘lga qo‘yilmoqda.
Marosimda Prezident Administratsiyasi vakili Odil Abdurahmonov, Sport vaziri Adham Ikromov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, shuningdek, OTM rektorlari, sport federatsiyalari vakillari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov ham ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar yoshlarni sog‘lom va har tomonlama barkamol etib tarbiyalash, ommaviy sportni rivojlantirish hamda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish muhim ustuvor yo‘nalishlardan biri ekanini alohida ta’kidlashdi.
Musobaqalar Sport vazirligining “ERP-sport” yagona elektron boshqaruv tizimi orqali nazorat qilinadi.
Hozirga qadar:
• 168 ta OTM (92 ta davlat, 52 ta nodavlat, 24 ta xorijiy) ro‘yxatdan o‘tgan
• 159 mingdan ortiq talaba ishtirok etish istagini bildirgan
Musobaqalar 3 bosqichda o‘tkaziladi:
• 1-bosqich: 6–20-aprel
• 2-bosqich: 1–15-may
• Final: 1–10-iyun (Toshkent, Olimpiya shaharchasi)
Bellashuvlar quyidagi sport turlari bo‘yicha o‘tkaziladi: voleybol, gandbol, basketbol 3x3, stol tennisi, futbol, yengil atletika hamda suzish.
Ushbu olimpiada talaba-yoshlar o‘rtasida sportga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirib, sog‘lom va faol hayot tarzini keng yoyishi kutilmoqda.