Toshkentda “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” mavzusidagi I Xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumi o‘z ishini boshlaydi

Toshkentda “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” mavzusidagi I Xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumi o‘z ishini boshlaydi

2026-yil 7–11-iyul kunlari Toshkent shahrida “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” mavzusidagi I Xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumi bo‘lib o‘tadi.

Mazkur nufuzli forumda 50 dan ortiq davlatlardan tashrif buyurgan yuqori martabali mehmonlar, diniy va jamoat arboblari, vazirlar, oliy ta’lim muassasalari rektorlari, professor-o‘qituvchilar, ilmiy-tadqiqot markazlari hamda xalqaro tashkilotlar vakillarining ishtiroki ko‘zda tutilgan.

Forum oldidan, 6-iyul kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov mamlakatimizga tashrif buyurgan Misr Arab Respublikasi Oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar vaziri Abdulaziz Konsovani Toshkent xalqaro aeroportida kutib oldi.

Muloqot chog‘ida mehmon O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, mamlakatimizdagi tinchlik va barqarorlik muhiti, ilm-fan hamda oliy ta’lim sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor, shuningdek, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida arab tili ta’limini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishtirildi.

Kunning ikkinchi yarmida delegatsiya Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, markaz faoliyati, yaratilgan zamonaviy sharoitlar hamda noyob qo‘lyozmalar bilan tanishdi. Tashrif davomida Ilxomjon Tuxtasinov markazning ilmiy salohiyati, faoliyati va istiqboldagi loyihalari yuzasidan batafsil ma’lumot berdi.

Shuningdek, tashrif dasturi doirasida Misr Arab Respublikasi Oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar vaziri Abdulaziz Konsovaning O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov bilan rasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

 

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube