Toshkentdagi Amerika texnologiya universiteti vakillari O‘zDJTUga tashrif buyurdi

12-yanvar kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida AQShning Toshkentdagi Amerika texnologiya universiteti vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tashrif doirasida Amerika texnologiya universiteti rektori Said Irandoust, Ta’lim sifati, pedagogik innovatsiyalar va litsenziyalash markazi direktori Yulduz G‘aybullaeva, shuningdek, rektor maslahatchisi Nigora Abdullaeva ishtirok etdi.

 

 

O‘zDJTU tomonidan uchrashuvda universitet rektori I. Tuxtasinov, xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor A. Nasirov, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor M. Chutpulatov, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i X. Yuldashev, Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazi direktori D. Abduganieva hamda Tarjimonlik fakulteti dekani U. Yo‘ldoshev qatnashdi.

Uchrashuv davomida Toshkentdagi Amerika texnologiya universiteti bilan hamkorlikda MA TESOL dasturini amalga oshirishning tashkiliy hamda o‘quv-uslubiy jihatlari atroflicha muhokama qilindi. Xususan, TESOL dasturi doirasida o‘qituvchilar malakasini oshirish, qo‘shma malaka oshirish kurslarini yo‘lga qo‘yish hamda pedagogik innovatsiyalarni ta’lim jarayoniga joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, tillarni o‘qitish va tarjimonlar tayyorlash jarayonida sun’iy intellektdan foydalanish, madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish, talabalar amaliyoti va almashinuv dasturlarini tashkil etish, loyiha doirasida respublika miqyosida seminarlar hamda ilmiy-amaliy tadbirlar o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.

O‘zDJTU rektori I. Tuxtasinov universitetda Sun’iy intellekt markazini tashkil etish va uni moliyalashtirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish taklifini ilgari surdi.

 

 

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikning dastlabki bosqichida Anglashuv memorandumini imzolash, ishchi guruhlarni shakllantirish hamda Yo‘l xaritasini ishlab chiqish borasida kelishuvga erishib, o‘zaro manfaatli loyihalarni bosqichma-bosqich amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube