Uchtepa tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tashabbusi bilan seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
2026-yil 13-fevral kuni Uchtepa tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi hamda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, kasb-hunar texnikumlari va tumandagi o‘quv markazlari hamkorligida “Kelajakni tanlagan avlod: ta’lim, kasb va ongli qaror” mavzusida seminar-trening tashkil etildi. Tadbirda yoshlarning ongli kasb tanlashi, ta’lim sifati va maktab hamda oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. Seminar davomida universitet rektori Ilxomjon Tuxtasinov so‘zga chiqib, yoshlarni zamonaviy bilim va ko‘nikmalar bilan qurollantirish bugungi kun talabi ekanini ta’kidladi. U maktab va oliy ta’lim o‘rtasidagi uzviylikni mustahkamlash, iqtidorli o‘quvchilarni erta aniqlash hamda ularni qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifa ekanini qayd etdi.
Tadbir davomida “Oliy maqsad — oliy natija!” shiori ostida o‘quv markazlar taqdimoti o‘tkazildi. “Sun’iy intellekt rahbar va o‘qituvchi uchun yangi imkoniyat” mavzusida ma’ruza qilinib, zamonaviy texnologiyalar va raqamli vositalarning ta’lim jarayonidagi o‘rni haqida fikr almashildi. 9-sinf o‘quvchilari uchun “To‘g‘ri kasb — barqaror kelajak!” mavzusida kasb-hunar maktablari targ‘iboti tashkil etildi. 228-maktab tomonidan “Sog‘lom avlod bo‘lish uchun birlashamiz!” mavzusida volontyorlik faoliyati taqdim etildi, 287-maktab esa “Toza maktab — sog‘lom kelajak” loyihasini namoyish qildi. “Ongli yosh — mustahkam jamiyat” shiori ostida psixologlar tomonidan giyohvandlikka qarshi kurash mavzusida trening o‘tkazildi. Shuningdek, universitet tomonidan joriy etilgan “Maktabimiz iftixori” stipendiyasi doirasida 283-, 107- va 203-maktablardan bir nafardan o‘quvchi g‘olib deb topilib, ular tantanali ravishda tabriklandi. Seminar-trening yakunida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti hamda Uchtepa tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat ta’lim tizimidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi qayd etildi.