2024-yil 28-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Rossiya xalq xoʻjaligi va davlat xizmat akademiyasi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida bitim imzolandi. Kelishuvga OʻzDJTU rektori Ilxomjon Tuxtasinov va RANXiGS prorektori Andrey Margolin imzo chekdi.

Ushbu bitim OʻzDJTU va RANXiGS oʻrtasida ta’lim, ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish, ilmiy-tadqiqot loyihalari va dasturlarini amalga oshirish, shuningdek, akademik, ilmiy, madaniy va boshqa turdagi hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish maqsadida tuzilgan.

28-fevral kuni Prezident akademiyasining Chelyabinsk filiali “Zamonaviy koʻp madaniyatli makonda profil va professional ta’lim” XII Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasini oʻtkazadi. Bu safar Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti ushbu ilmiy loyihaning hamkori va hammuassisi sifatida ishtirok etadi.

“Hamkorlik yoʻnalishlari keng. Bizning oliy ta’lim muassasalarimizning salohiyati va imkoniyatlari Rossiya hamda Oʻzbekiston ilmiy-akademik doirasida e’tirof etilgan. Biz birgalikda amalga oshirishimiz mumkin boʻlgan koʻplab gʻoyalarga egamiz va kelgusida ham reja asosida ishlashga tayyormiz”, — dedi Prezident akademiyasining Chelyabinsk filiali direktori Yevgeniy Aldoshenko.

Ushbu kelishuv doirasidagi ishlarni muvofiqlashtirish OʻzDJTU Xalqaro hamkorlik boʻlimi (Xalqaro hamkorlik boʻyicha prorektor Abdurahim Nasirov rahbarligida) hamda RANXiGS Xalqaro rivojlanish boshqarmasi tomonidan (bosh mutaxassis Anjelika Atayeva va Chelyabinsk filiali Lingvistika va kasbiy kommunikatsiya kafedrasi mudiri Viktoriya Sharonova ishtirokida) olib boriladi.

“Kelishuvning imzolanishi nafaqat ikki oliy ta’lim muassasasi, balki Rossiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi ilm-fan va ta’lim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim qadam hisoblanadi. Bu darajadagi muloqot davlatlar va millatlar oʻrtasidagi doʻstlik jarayonini ta’minlaydi”, — deya ta’kidladi Viktoriya Sharonova.

Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti oʻz faoliyatini 1949-yilda Toshkent Xorijiy tillar pedagogika instituti sifatida boshlagan. Universitet 70 yillik tarixga ega boʻlib, bugungi kunda dunyoning 61 ta oliy ta’lim muassasasi bilan hamkorlik qiladi. Hozirgi kunda bu zamonaviy infratuzilmaga ega boʻlgan, iqtisodiyot va mintaqaning ijtimoiy-madaniy sohalarida talab yuqori boʻlgan mutaxassislarni tayyorlovchi ta’lim markazidir.

Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube