XALQARO MUNOSABATLAR YO‘NALISHI TALABALARI UCHUN MADANIY DIPLOMATIYA BO‘YICHA OCHIQ DARS O‘TKAZILDI
17-sentabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) Madaniyat instituti prezidenti, Buyuk elchi Muhammad Hassan ishtirokida Xalqaro jurnalistika fakultetining Xalqaro munosabatlar yo‘nalishi talabalari uchun madaniy diplomatiya mavzusida ochiq dars tashkil etildi.

Tadbir O‘zDJTU va IHT Madaniyat instituti o‘rtasida imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumi doirasidagi hamkorlikning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Ochiq dars davomida talabalarga madaniy diplomatiyaning xalqaro munosabatlardagi o‘rni, davlatlar va xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirish, milliy madaniyat va merosni xalqaro miqyosda targ‘ib qilishning ahamiyati haqida ma’lumot berildi.
Buyuk elchi Muhammad Hassan IHTga a’zo davlatlar o‘rtasidagi madaniy hamkorlik, til, adabiyot va san’at yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan loyihalar haqida talabalarga so‘zlab berdi.

Shuningdek, uchrashuv davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, xalqaro diplomatiya va madaniyatlararo muloqotga oid masalalar yuzasidan fikr almashdilar.