Xalqaro reytinglar bo‘yicha hamkorlik masalalari Ozarbayjonda muhokama qilindi
Bugungi kunda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro reytinglar tizimida faol ishtirok etib, ta’lim sifati, ilmiy salohiyat va xalqaro hamkorlik ko‘rsatkichlarini izchil yaxshilashga qaratilgan strategiyani amalga oshirib kelmoqda. Universitetning xalqaro akademik maydondagi mavqeini mustahkamlash, reyting metodologiyalariga mos institutsional yondashuvlarni joriy etish hamda ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish ushbu yo‘nalishdagi ustuvor vazifalardan sanaladi.
Mazkur maqsadlar doirasida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Xalqaro reytinglar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Bekzod Nishanaliyevning Ozarbayjon Respublikasiga amalga oshirilgan tashrifi davomida xalqaro reytinglar yo‘nalishidagi hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan qator uchrashuvlar o‘tkazildi.
Uchrashuvlar chog‘ida hamkor tomonlarga O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro reytinglardagi yutuqlari haqida ma’lumot berildi. Xususan, universitetning QS World University Rankings by Subject (Linguistics) reytingida 251–300 oralig‘ida qayd etilgani, UI GreenMetric reytingida dunyoning Top 500 universitetlari qatoridan joy olgani, shuningdek, Times Higher Education Impact Rankings doirasida “Quality Education” (SDG 4) yo‘nalishi bo‘yicha Top 30 talikdagi yetakchi universitetlar guruhi tarkibida e’tirof etilgani alohida ta’kidlandi.
Tashrif davomida Ozarbayjon tillar universiteti hamda Boku Slavyan universitetining xalqaro reytinglardagi natijalari, reyting metodologiyalariga mos faoliyat yuritish tajribasi va ushbu jarayonlar uchun mas’ul bo‘lgan tuzilmalar faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Shuningdek, mazkur universitetlarning reytinglar bilan ishlashga mas’ul bo‘limlari vakillari bilan professional va amaliy muzokaralar olib borildi.
Muloqotlar jarayonida ilmiy hamkorlikni kuchaytirish, qo‘shma ilmiy maqolalar va tadqiqot loyihalari sonini oshirish, akademik aloqalarni kengaytirish, visiting professor dasturlarini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish masalalari batafsil muhokama qilindi. Tomonlar ushbu yo‘nalishlar xalqaro reytinglarda universitetlar ko‘rsatkichlarini yaxshilashda muhim omil ekanini alohida qayd etdilar.
Muzokaralar yakunida xalqaro reytinglar bo‘yicha tajriba almashish, reyting ko‘rsatkichlarini tahlil qilish mexanizmlarini takomillashtirish, shuningdek, akademik va ilmiy hamkorlikni reyting metodologiyalariga uyg‘un holda rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish yuzasidan aniq kelishuvlarga erishildi.
Mazkur tashrif O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro reytinglardagi pozitsiyasini mustahkamlash, ilmiy va akademik salohiyatini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni natijador va tizimli asosda rivojlantirishga qaratilgan strategik maqsadlarning amaliy ifodasi bo‘ldi.