Xitoy Xalq Respublikasining Pekin universiteti va Pekin xorijiy tadqiqotlar universitetiga tashrif

2025-yil 23–26-dekabr kunlari O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Ispan tili amaliy fanlar kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori (DSc), professor Dilrabo Baxronova hamda kafedraning xorijlik mutaxassisi — UNICAMP (Braziliya) professori Simone Tiemi Hashiguti (PhD) QS World Rankingda 14-o‘rinda turuvchi Pekin universiteti (Peking University) va Pekin xorijiy tadqiqotlar universiteti (Beijing Foreign Studies University) taklifiga binoan ushbu oliy ta’lim muassasalarida uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdilar.

Muzokaralar doirasida xorijiy tillarni o‘qitish metodikasi, kross-madaniy ta’lim, qiyosiy-chog‘ishtirma lingvistika hamda tarjimashunoslik yo‘nalishlarida tajriba almashildi. Shuningdek, talaba va o‘qituvchilar almashinuvi asosida qisqa muddatli akademik mobillik, birgalikdagi seminarlar, xalqaro grant dasturlari, qo‘shma ilmiy loyihalar va hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Uchrashuvlarda mazkur universitetlarda ispan va portugal tillari yo‘nalishlari bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan ham fikr almashildi.

Pekin universitetida Braziliya til va madaniyat markazi faoliyati bilan tanishilib, amaliy tajribalar o‘rganildi. Uchrashuvlar davomida Sharq mamlakatlarida ispan va portugal tillarini o‘qitish, lingvomadaniy kompetensiyani rivojlantirish, shuningdek kognitiv va qiyosiy-chog‘ishtirma yondashuvlarning dolzarbligi muhim ilmiy yo‘nalish sifatida qayd etildi.

Mazkur tashrif O‘zDJTU, Peking University va Beijing Foreign Studies University o‘rtasidagi ilmiy-pedagogik aloqalarni aniq yo‘nalishlar bo‘yicha mustahkamlab, ispan va portugal tillarini o‘qitishda zamonaviy metodik yechimlarni joriy etish hamda transmilliy ta’lim makonida kross-madaniy muloqotni kengaytirishga xizmat qildi. Shu bilan birga, uchrashuvlar BMTning “Ta’lim sifati” va “Barqaror rivojlanish yo‘lida hamkorlik” maqsadlariga amaliy hissa qo‘shuvchi tashabbuslar bilan boyitildi.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube