Xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan talabalar o‘qishini davlat OTMlariga ko‘chirish tartibi yangilandi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 11-iyundagi 299-son qarori bilan “Xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan talabalar o‘qishini davlat oliy ta’lim tashkilotlariga ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti” tasdiqlandi.
Mazkur qarorga muvofiq, xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan talabalar o‘qishini davlat oliy ta’lim tashkilotlariga ko‘chirish bo‘yicha arizalar har yili 15-iyuldan 5-avgustga qadar (shu kuni ham) qabul qilinadi.
Arizalar quyidagi platformalar orqali topshiriladi:
-O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali;
-Bilim va malakalarni baholash agentligining maxsus elektron platformasi;
-Davlat xizmatlari markazlari.
Qarorga ko‘ra:
-o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmati elektron shaklda ko‘rsatiladi;
-to‘lovlarni onlayn amalga oshirish imkoniyati yaratiladi;
- imtihon natijalari QR-kod bilan himoyalangan shaklda taqdim etiladi;
- chet tili va umumta’lim fanlari bo‘yicha milliy yoki xalqaro sertifikatga ega talabgorlarga tegishli fanlardan tabaqalashtirilgan yoki maksimal ball berish amaliyoti joriy etiladi.
Mazkur yangiliklar o‘qishni ko‘chirish jarayonining shaffofligi, qulayligi va raqamlashtirilishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Qaror bilan batafsil tanishish uchun:
https://lex.uz/docs/8263908