Yangi kitob taqdimoti — “FITRAT”
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti jamoasi uchun muhim yangilik!
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, universitetning Xalqaro jurnalistika fakulteti professor-o‘qituvchisi Olim Toshboyevning yangi kitobi — “FITRAT” nashr etildi.
Asarda atoqli ma’rifatparvar, qomusiy olim Abdurauf Fitrat hayoti va faoliyati badiiy talqin asosida yoritiladi. Muallif XX asr boshlarida yurtimizda yuz bergan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, millat taqdiri hamda ma’rifatparvarlik harakati mohiyatini chuqur tahlil qiladi. Kitobxon mutolaa jarayonida “boyligi o‘ziga buyurmagan xalq” fojeasining ildizlari haqida mushohada yuritadi, jamiyat tafakkuridagi sustkashlik, beparvolik va nodonlik kabi illatlarning oqibatlari ustida o‘ylaydi.
Shuningdek, asarda Fitrat va uning safdoshlari duch kelgan murakkab sinovlar, sadoqat va xiyonat o‘rtasidagi keskin ziddiyatlar ta’sirchan badiiy ifoda topgan. Muallif tarixiy shaxs timsoli orqali millatning ma’naviy uyg‘onish masalalarini teran yoritadi.
Muallif: Olim Toshboyev
Mas’ul muharrir: Ikrom Iskandar
Muharrir: Ulug‘bek Xalilov
Musahhih: Ahror Abdumannonn
Nashriyot: Ijod Nashr
Adadi: 1000 nusxa
Mazkur asar milliy tafakkur, ma’rifat va tarixiy xotira masalalariga befarq bo‘lmagan kitobxonlar uchun munosib tuhfa bo‘lib, Fitrat siymosini yangicha badiiy nigoh bilan anglash imkonini beradi.