“Italiya–O‘zbekiston rektorlarining II forumi” doirasida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti yirik ilmiy yutuqqa erishdi

“Italiya–O‘zbekiston rektorlarining II forumi” doirasida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti (O‘zDJTU) xalqaro ilmiy hamkorlik yo‘nalishida katta muvaffaqiyatni qo‘lga kiritdi.

2025-yil mart oyida Italiya va O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari uchun qo‘shma ilmiy loyihalar tanlovi e’lon qilingan edi. Mazkur tanlovda O‘zDJTU professor-o‘qituvchilari Bergamo universiteti hamda Perudja xorijliklar universiteti bilan hamkorlikda “JAD-IT-UZ” nomli innovatsion ilmiy loyihani ishlab chiqdi.

Loyiha doirasida italyan tilini sun’iy intellekt asosida o‘qitish, sohalar bo‘yicha maxsus lug‘atlar yaratish, metodik seminarlar tashkil etish hamda zamonaviy ta’lim yondashuvlarini joriy etish kabi muhim vazifalar va aniq natijalar belgilandi.

Quvonarlisi shundaki, “JAD-IT-UZ” loyihasi 100 dan ortiq ilmiy loyiha orasidan saralab olingan 10 ta eng yaxshi loyiha qatoridan munosib o‘rin egalladi hamda Italiya tomoni tomonidan 99 foiz darajada qo‘llab-quvvatlandi. Moliyalashtiriladigan 10 ta ilmiy loyihaning 9 tasi aniq fanlar yo‘nalishiga tegishli bo‘lgan bir paytda, ijtimoiy-gumanitar sohada faqatgina “JAD-IT-UZ” loyihasining tanlab olinishi ushbu tashabbusning ilmiy va amaliy ahamiyatini yana bir bor tasdiqlaydi.

Bu yutuq O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro ilmiy maydondagi nufuzi tobora oshib borayotganining yorqin dalilidir.

Universitet jamoasini, loyiha mualliflari va ishtirokchilarini ushbu ulkan muvaffaqiyat bilan samimiy muborakbod etamiz!

Yangi ilmiy marralar va xalqaro yutuqlar bardavom bo‘lsin!

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube