“Notiqlik san’ati” tanlovi

22-yanvar kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Sharq filologiyasi fakultetida 24- marotaba oʻtkazilayotgan “Notiqlik san’ati” tanlovining  universitet bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tanlov talabalarning yapon tilida erkin va ravon nutq so‘zlash ko‘nikmalarini rivojlantirish, ularning notiqlik mahoratini oshirish, ijodiy va tanqidiy fikrlash salohiyatini namoyon etish maqsadida tashkil etildi.

Maʼlumot uchun, tanlovning avvalgi — saralash bosqichida 45 nafar talaba ishtirok etib, ulardan 14 nafari o‘z bilim va salohiyatini namoyish etgan holda universitet bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan edi.

Tanlovning final bosqichini Sharq filologiyasi fakulteti dekani Dilshod Djurayev ochib berib, ishtirokchilarga omad tiladi hamda tanlovning yoshlar bilimini oshirishdagi o‘rni va ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Final bosqichida talabalar yapon tilida notiqlik chiqishlari bilan ishtirok etib, belgilangan mavzu doirasida o‘z fikrlarini ravon va  ifodali tarzda bayon etdilar. Ishtirokchilarning nutqlari hakamlar hay’ati tomonidan baholanib, nutq madaniyati, talaffuz, mavzuni yoritish darajasi hamda savol-javobdagi faolligi asosiy mezonlar sifatida baholandi. 

Tanlov yakunida fakultet dekani Dilshod Djurayev hamda yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha dekan o‘rinbosari Ulug‘bek Nazarov tomonidan g‘olib talabalar e’lon qilindi.

Natijalarga ko‘ra:
1-o‘rin — Maxamataliyeva Navbaxor
2-o‘rin — Davronova Ruxshona
3-o‘rin — Oxunova Sevinch

Tanlovda 1-o‘rinni egallagan Maxamataliyeva Navbaxor “Notiqlik san’ati” tanlovining Respublika bosqichida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti nomidan ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube