O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori huzurida ishlab chiqarish yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
30-mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori huzurida ishlab chiqarish yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilishga universitet rektori I. Tuxtasinov raislik qildi.
Unda barcha prorektorlar, rektor maslahatchisi, fakultet dekanlari, boshqarma va bo‘lim boshliqlari ishtirok etdi.

Yig‘ilish kun tartibiga muvofiq, dastlab 2026-yil aprel oyida universitetda o‘tkazilishi rejalashtirilgan qator tadbirlar muhokama qilindi. Jumladan, “Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi”, chim ustida xokkey bo‘yicha “Vazir kubogi” musobaqasi, “Talabalar ligasi” hamda “Talaba-yugur” ko‘ngillilar yugurish marafoni doirasidagi ishlar yuzasidan ma’lumot berildi.
Shuningdek, 2024–2025 va 2025–2026 o‘quv yillari bitiruvchilarini ishga joylashtirish masalasi hamda professor-o‘qituvchilar tomonidan yaratilgan kitoblarni chop etish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish davomida universitetning 2026-yilga mo‘ljallangan rivojlantirishga oid maqsadli ko‘rsatkichlarining fakultetlar va kafedralarda bajarilish holati atroflicha tahlil qilindi.
Bundan tashqari, universitetda 2026-yilga rejalashtirilgan investitsiyalar dasturi, xalqaro hamkorlik doirasidagi vazifalar, shuningdek qo‘shma ta’lim dasturlarini muvofiqlashtirish bo‘limi faoliyati va qabul jarayonlari yuzasidan ma’lumotlar taqdim etildi.
Yig‘ilish yakunida ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.