O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi

 

26-aprel kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Roman-german filologiyasi fakulteti Fransuz tili nazariy fanlar kafedrasi tomonidan professor, filologiya fanlari doktori Yakubov Jamoliddin Abduvaliyevichning 70 yillik ilmiy va kasbiy faoliyatiga bag‘ishlangan “Zamonaviy tilshunoslikning dolzarb muammolari: ko‘p tillilik va madaniyatlararo muloqot” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.

 

 

Konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 4-iyuldagi PQ-200-son qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining 2024-yil 27-dekabrdagi 490-son buyrug‘i ijrosi doirasida tashkil etilib, unda Parij XIII Shimoliy Sorbonna Universiteti, Puatye Universiteti, Ozarbayjon Tillar Universiteti, Xalqaro Birdamlik va Taʼlim Assotsiatsiyasi (A.S.I.E.) va boshqa nufuzli taʼlim va ilmiy tadqiqot muassasalari vakillari ishtirok etdi.

 

 

Anjumanda tilshunoslik, lingvomadaniyatshunoslik, pragmalingvistika va lingvofolkloristika yo‘nalishlarida xorijiy tillarni o‘qitish jarayonini yanada takomillashtirish, zamonaviy tilshunoslikning nazariy va amaliy muammolarini muhokama qilish maqsad qilingan. Tadbir doirasida innovatsion yondashuvlar, madaniyatlararo muloqot, tarjimashunoslik, kompyuter va korpus lingvistikasi kabi dolzarb masalalar bo‘yicha fikr almashildi.

 

 

Konferensiya ishida yetuk olimlar, professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar, doktorantlar va talabalar faol ishtirok etdilar. Anjuman oflayn va ZOOM platformasi orqali onlayn tarzda o‘tkazilib, viloyatlardagi va xorijdagi mutaxassislar ham o‘z ma’ruzalari bilan qatnashishdi.

 

 

Tadbir yakunida faol ishtirokchilarga elektron sertifikatlar taqdim etildi. Konferensiya materiallari www.myscience.uz platformasida eʼlon qilinadi.

Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube