Ingliz tili 2-fakulteti, Ingliz tili nazariy aspektlar 2 kafedrasi katta o‘qituvchilari Muratova Dilorom va Xayrullayeva Dilorom tomonidan 21-yanvar 5 ta guruh talabalari ishtirokida “Korrupsiyasiz hayot” nomli tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda 40 nafar talaba ishtirok etib, korrupsiyaning ta’lim sifati va adolat tamoyillariga salbiy ta’siri, baholash jarayonida shaffoflikni ta’minlash, akademik halollikni kuchaytirish hamda talabalarda mas’uliyat va huquqiy ongni shakllantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Tadbir prezentatsiya asosida boshlandi. Prezentatsiyada oliy ta’lim muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish tamoyillari, eng ko‘p uchraydigan ko‘rinishlari (pora olish va berish, favoritizm, baholash jarayonidagi suiste’mollar, plagiat, yotoqxona va stipendiya taqsimotidagi nohaqlik holatlari), “xavf nuqtalari” hamda ularni kamaytirish bo‘yicha amaliy choralar yoritib berildi. Shuningdek, shaffof jarayonlarni ta’minlash, etik me’yorlarga rioya etish, anonim murojaat kanallari, ichki audit va javobgarlik mexanizmlariga doir tavsiyalar berildi.
Tadbir davomida talabalar korrupsiyasiz ta’lim muhitini yaratishda halollik, adolat, ochiqlik, qonuniylik va shaxsiy mas’uliyat prinsiplariga amal qilish zarurligini ta’kidladilar. Yakunda tadbir doirasida ishtirokchilar tomonidan so‘rovnoma o‘tkazilib, uning natijalari asosida korrupsiyaga qarshi kurashishda xabardorlikni oshirish, akademik halollik qoidalarini mustahkamlash, baholash mezonlarini ochiq e’lon qilish hamda shubhali holatlar yuzasidan murojaat qilish madaniyatini rivojlantirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Tadbir yakunida korrupsiyasiz ta’lim muhitini shakllantirish ta’lim sifatini oshirish va adolatli munosabatlarni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega ekani alohida qayd etildi.