Axborot texnologiyalari jadal rivojlanayotgan bugungi kunda jinoyatchilikning yangi ko‘rinishi — kiberfiribgarlik xavfi tobora ortib bormoqda. Ko‘plab fuqarolar turli aldov sxemalariga ishonib, o‘zlari bilmagan holda jinoyat qurboniga aylanib qolmoqda.
Shu munosabat bilan Adolat SDP tashabbusi bilan respublika bo‘ylab “Ogoh bo‘ling, firibgar!” keng ko‘lamli targ‘ibot aksiyasi o‘tkazilmoqda.

Bugun mazkur aksiya doirasidagi navbatdagi tadbir O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida bo‘lib o‘tdi. Tadbirni Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Valijon Sadiyev ochib berdi.
Uchrashuvda partiya Siyosiy kengashi rahbariyati, universitet mutasaddilari, adliya va ichki ishlar organlari vakillari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi. So‘zga chiqqanlar internet tarmog‘i orqali sodir etilayotgan jinoyatlar soni ortib borayotganini ta’kidlab, fuqarolarni doimiy hushyorlikka, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish va axborot xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etishga chaqirdilar.

Tadbir davomida yoshlarga kiberfiribgarlikning mazmun-mohiyati, eng ko‘p uchraydigan aldov usullari hamda ulardan himoyalanish yo‘llari tushuntirildi, targ‘ibot materiallari tarqatildi.