Tarmoq markazi tomonidan tashkil etilgan “ZAMONAVIY SINXRON TARJIMA INTENSIV KURSINING NAZARIY VA AMALIY MODELLARI” qisqa muddatli kursi yakuniy bosqichida tinglovchilar uchun ikki modul doirasida mazmunli mashg‘ulotlar olib borildi
Kursning so‘nggi kuni sinxron tarjima sohasida ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan, nazariy bilimlarni chuqur egallagan va ularni amaliy faoliyat bilan uyg‘unlashtira olgan tajribali mutaxassislar Yakubov Baxtiyor Salaxiddinovich va Mustanova Shaxnoza Rustamovna tomonidan olib bordi. Mashg‘ulotlarda sinxron tarjimaning texnik jihatlari, kabinada ishlash madaniyati hamda mazmunni tezkor qayta ishlash, strategik yondashuv va terminologik aniqlikni ta’minlashga qaratilgan muhim nazariy va amaliy masalalar izchil yoritildi.

Kursning yakuniy kunida yana bir muhim voqea sifatida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori, professor Tuxtasinov Ilxomjon Madaminovich tinglovchilar bilan uchrashib, ochiq muloqot formatida suhbatlashdi. Uchrashuv davomida rektor sinxron tarjimaning xalqaro muloqotdagi o‘rni, davlat va jamiyat taraqqiyotida professional tarjimonlik xizmatlarining ahamiyati hamda sohada malakali kadrlar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Tinglovchilarning o‘quv jarayonidagi faolligi, kasbiy o‘sishga intilishi va amaliy mashg‘ulotlarda namoyon bo‘lgan natijalari e’tirof etildi, shuningdek kelgusida sinxron tarjima bo‘yicha izchil tayyorgarlikni davom ettirish, o‘z ustida muntazam ishlash va professional standartlarga sodiq qolish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Sinxron tarjimonlarning nazariy va amaliy bilimlarini oshirishga qaratilgan ushbu qisqa muddatli kurs doirasida shakllantirilgan bilim va ko‘nikmalar tinglovchilarning konferensiya, forum hamda rasmiy tadbirlarda sinxron tarjima faoliyatini professional va samarali tashkil etish salohiyatini sezilarli darajada oshirishga xizmat qiladi.