Tarjimon-volontyorlar uchun seminar tashkil etildi

Tarjimon-volontyorlar uchun seminar tashkil etildi

12-may kuni joriy yilning 18–19-may kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Mehnat migrantlari va ularning oila a’zolarining ijtimoiy-huquqiy himoyasi” mavzusidagi xalqaro forumga jalb etilgan O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti tarjimon-volontyorlari ishtirokida seminar tashkil etildi.

 



Tadbirni O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor M. Chutpulatov kirish so‘zi bilan ochib berib, forumning xalqaro miqyosdagi nufuzini alohida ta’kidladi hamda xorijiy mehmonlarga sifatli tarjima xizmatlarini ko‘rsatish, mas’uliyat va professionallik bilan yondashish zarurligini qayd etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining Xorijdagi migrantlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish bo‘limi mas’ul xodimi Alisher Qodirov agentlik faoliyati haqida ma’lumot berib, mazkur forum hukumat darajasida tashkil etilayotganini hamda tarjimon-volontyorlardan yuqori mas’uliyat talab etilishini ta’kidladi.

Shuningdek, O‘zDJTU Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i X. Yuldashev ish jarayonidagi punktuallik, muloqot madaniyati, tarjimonlik etikasi hamda xorijiy ishtirokchilar bilan muloqotda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy-siyosiy masalalarga jiddiy e’tibor qaratish yuzasidan tavsiyalar berdi.

Tadbir yakunida tarjimon-volontyorlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

 

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube