BITIRUV MALAKAVIY ISHLARI HIMOYASI MUVAFFAQIYATLI O‘TKAZILDI
14-oktabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazida “Xorijiy til: ingliz tili” yo‘nalishi bo‘yicha kasbiy qayta tayyorlash kurslari tinglovchilarining bitiruv malakaviy ishlari himoyasi bo‘lib o‘tdi.
Himoya davomida tinglovchilar o‘z ilmiy izlanishlari, tadqiqot natijalari va amaliy tavsiyalarini taqdim etib, egallagan nazariy bilimlari, kasbiy kompetensiyalari hamda pedagogik mahoratlarini namoyon etdilar. Bitiruv malakaviy ishlari attestatsiya komissiyasi tomonidan belgilangan mezonlar asosida baholandi.
Himoyada attestatsiya komissiyasi raisi, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori, professor Ilxomjon Tuxtasinov ishtirok etdi. Rektor tinglovchilarni muvaffaqiyatli himoya bilan tabriklab, ularning kasbiy kamolotga intilishi, ilmiy izlanishlarga mas’uliyat bilan yondashuvi hamda zamonaviy pedagogik yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etish borasidagi sa’y-harakatlarini e’tirof etdi.
Mazkur himoya tinglovchilarning kasbiy qayta tayyorlash davomida egallagan bilim va ko‘nikmalarini namoyish etish, ilmiy-amaliy tajribalarini umumlashtirish hamda kelgusidagi pedagogik faoliyatiga tayyorgarligini ko‘rsatishda muhim bosqich bo‘ldi.
Barcha bitiruvchilarni muvaffaqiyatli himoya bilan tabriklaymiz va kelgusidagi pedagogik faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz!
2026-10-14 10-13