Magistratura bitiruvchilariga diplom topshirish marosimi boʻlib oʻtdi
28-iyul kuni Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida Magistratura bosqichi bitiruvchilari uchun diplom topshirish marosimi tashkil etildi.
Dasturda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri oʻrinbosari Otabek Mahkamov, OʻzDJTU rektori Ilxomjon Tuxtasinov, shuningdek, universitet rahbariyati vakillari, bitiruvchi magistrantlar va ularning oila a’zolari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida vazir oʻrinbosari Otabek Mahkamov OʻzDJTU bitiruvchi magistrantlariga iliq tilaklar bildirib, kelgusidagi faoliyatida omad va muvaffaqiyatlar yor boʻlishini tiladi. Soʻng rektor Ilxomjon Tuxtasinov tomonidan ham magistrantlar erishgan yutuqlar alohida e’tirof etilib, tabrik nutqi soʻzlandi. Marosimning asosiy taqdirlash bosqichida har bir OʻzDJTU bitiruvchi magistrantiga diplom topshirilib, ularning yoʻnalish doirasida ega boʻlgan koʻnikmalari, kelgusidagi rejalari va universitetga minnatdorlik soʻzlari tinglandi. Yakunda kun qahramonlarining yaqinlari va oila a’zolari tomonidan ham iliq fikrlar bildirildi.
Dastur unutilmas lahzalar, iliq tabassumlar va baxtli onlarga boy tarzda o‘tdi. Har bir daqiqa bitiruvchilarning mehnati, orzulari va yutuqlarini ulug‘lovchi, hayajon va faxr uyg‘otuvchi go‘zal xotiraga aylandi.
Ushbu marosim nafaqat ilm-fan yo‘lida bosib o‘tilgan yo‘lning yakunini, balki yangi bosqichga dadil qadam qo‘yilayotganining yorqin ramzi bo‘ldi.