O‘zDJTU va WIUT bilan hamkorlikda "Discover Our Postgraduate Courses" mavzusida uchrashuv tashkil etildi.
30-may kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti (WIUT) hamkorligida “Discover Our Postgraduate Courses” (“Magistraturakurslarimizni kashf eting”) mavzusida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda universitet talabalari, magistraturaga qiziqqan bitiruvchilar va yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Uchrashuvning asosiy maqsadi – Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti tomonidan taklif etilayotgan magistrlik dasturlari, o‘quv imkoniyatlari va xalqaro hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar haqida batafsil ma’lumot berish, shuningdek, talabalarni ilmiy izlanishlar va akademik rivojlanishga rag‘batlantirishdan iborat bo‘ldi.
Tadbirda Xalqaro Vestminster universiteti vakillari tomonidan universitetning magistratura yo‘nalishlari, qabul jarayonlari haqida keng qamrovli taqdimot namoyish etildi. Uchrashuv ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga murojaat qilishdi, shaxsiy maslahatlar olinib, ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikning istiqbollari muhokama qilindi.
Tadbir yakunida tomonlar ushbu hamkorlikni yanada mustahkamlash, qo‘shma ta’lim dasturlarini kengaytirish va akademik almashinuvni kuchaytirish borasida o‘zaro fikr almashishdi.