O‘zDJTU vakillari “Oliy ta’lim tashkilotlarining xalqaro reytingbardoshligi” mavzusidagi seminar-treningda ishtirok etdi
Joriy yil 10-aprel kuni Toshkent davlat texnika universiteti huzuridagi O‘zbekiston–Yaponiya Yoshlar innovatsiya markazi binosida QS – Quacquarelli Symonds Xalqaro reyting agentligi va Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamkorligida “Oliy ta’lim tashkilotlarining xalqaro reytingbardoshligi” mavzusiga bag‘ishlangan seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda asosiy ma’ruzachi sifatida QS reytingining mintaqaviy direktori Sergey Xristolyubov ishtirok etdi. U o‘z ma’ruzasida xalqaro reytinglar metodologiyasi, reytinglarga kirish mezonlari hamda oliy ta’lim muassasalarining global miqyosdagi raqobatbardoshligini oshirish borasidagi eng so‘nggi yondashuvlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Seminar-treningda, shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Ta’lim muassasalari xalqaro va milliy ko‘rsatkichlari samaradorligini baholash bo‘limi boshlig‘i Diyor Umarov ham ishtirok etdi. U o‘z chiqishida mazkur tadbirning dolzarbligini ta’kidlab, mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarining xalqaro reytinglarda munosib o‘rin egallashiga bo‘lgan e’tibor davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini qayd etdi.
Tadbir davomida Sergey Xristolyubov so‘nggi yillarda O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari xalqaro reytinglardagi ko‘rsatkichlarini jadal sur’atlarda yaxshilayotganini alohida ta’kidladi.
Xususan, u QS fanlararo reytingida 2024-yilda 251–300 o‘rinlar qatoridan joy olgan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining yutuqlarini e’tirof etib, bu natijani nafaqat universitet, balki mamlakatning butun oliy ta’lim tizimi uchun muhim yutuq sifatida baholadi.
Seminar-treningda ishtirok etgan OʻzDJTU vakillari xalqaro reytinglar bo‘yicha ilg‘or tajribalar, metodologik yondashuvlar hamda universitetning reytinglardagi mavqeini yanada oshirishga xizmat qiluvchi amaliy ko‘nikmalarni egalladilar.
Seminar yakunida xalqaro aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida Sergey Xristolyubovni OʻzDJTUga tashrif buyurishga taklif etildi. Sergey Xristolyubov ushbu taklifni mamnuniyat bilan qabul qilib, navbatdagi tashrifi doirasida albatta universitetga kelishini bildirdi.