O‘zDJTUda Indoneziyaning UNIKOM universiteti delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2025-yil 18-sentabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Indoneziyaning Kompyuter universiteti (UNIKOM) delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbir rektorat binosining 6-qavatida tashkil etildi.
Uchrashuvda UNIKOM rektori doktor Eddi Soeryanto Soegoto boshchiligidagi delegatsiya a’zolari, jumladan, universitetning yetakchi fakultet dekanlari, xalqaro dasturlar bo‘yicha direktorlar hamda ilmiy jurnal tahririyati rahbarlari ishtirok etdilar.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti tomonidan esa rektor Ilxomjon Tuxtasinov, xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor A. Nasirov, ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor O. Yusupov, shuningdek, xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i X. Yuldashev qatnashdilar.
Uchrashuv davomida quyidagi masalalar muhokama qilindi:
- talabalar, o‘qituvchilar va tadqiqotchilar uchun almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish;
- menejment yo‘nalishida malaka oshirish kurslarini tashkil etish;
- xorijiy tillarni o‘qitish va menejment bo‘yicha elektron platformalardan foydalanish;
- IT kafedralari o‘qituvchilari uchun onlayn treninglar va vebinarlar;
- talabalar uchun yozgi va qishki maktablar;
- qo‘shma ilmiy tadqiqotlar hamda ilmiy maqolalar chop etish;
- doktorantlarning ilmiy ishlariga qo‘shma rahbarlik qilish;
- konferensiya, seminar va vebinarlarda hamkorlikda ishtirok etish.
Shuningdek, UNIKOM universiteti O‘zDJTUning 20 nafar talabasi uchun joriy yil 17-oktabrdan ikki haftalik qishki maktab tashkil etishga tayyorligini ma’lum qildi. Mazkur dastur doirasida ta’lim, yashash va ovqatlanish xarajatlari to‘liq qoplanadi. Talabalar faqat aviachiptalar va vizaga oid xarajatlarni o‘z zimmasiga oladi.
Bundan tashqari, tomonlar kelgusida qo‘shma xalqaro konferensiyalar tashkil etish, SCOPUS hamda boshqa xalqaro ma’lumotlar bazalariga kiritilgan ilmiy jurnallarda maqolalar chop etish va ilmiy rahbarlik bo‘yicha hamkorlikni yanada kengaytirish yuzasidan kelishib oldilar.