5-dekabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “Adolat” sotsial demokratik partiyasi tomonidan taraqqiyotning huquqiy asoslarini yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish maqsadida o‘tkazilib kelinayotgan “Konstitutsiya bilimdoni” ko‘rik tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri hamda viloyatlar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, sinovlarda saralanib, Respublika bosqichigacha yetib kelgan yoshlarimiz “Vatan kelajagi yoshlar qo‘lida” loyihasi doirasida tashkil etilgan tanlovda huquqiy, siyosiy savodxonligini sinovdan o‘tkazdi.

   

 

Ahamiyatlisi, tanlovning hududiy bosqichlarida ishtirokchilar yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz bilan bir qatorda qonunchiligimizdagi islohotlar bo‘yicha ham bilim va iqtidorini namoyon qila olganidir. 

Tanlovni kirish so‘zi bilan ochgan "Adolat" sotsial demokratik partiyasining Siyosiy Kengashi raisi Robaxon Maxmudova mamlakatimiz Konstitutsiyasining tarixi va ahamiyatiga alohida urg‘u berdi. Shu bilan bir qatorda partiya tomonidan bugungi “Konstitutsiya bilimdoni” respublika ko‘rik-tanlovi, uning qonunchilik sohalariga qiziqadigan yoshlar hayotidagi ahamiyati xususida so‘z yuritdi.

Jarayonni O‘zbekiston Res­publikasi Bosh prokuraturasi, Adliya vazirligi, Sudyalar assotsiatsiyasi va Yoshlar ishlari agentligi vakillari hamda Qonunchilik palatasidagi "Adolat" sotsial demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolaridan iborat hakamlar hay’ati talabchanlik bilan, odil va xolisona baholab boradilar. 

Ishtirokchilar tanlov nizomiga ko‘ra, tanishtiruv, savol-javob va erkin mavzu shartlari asosida qonunlardan xabardorligi, qolaversa, sahna va notiqlik madaniyati borasidagi mahoratini namoyon qildi. 

Bellashuv yakunlandi. Sarhisob e’lon qilindi. Natijaga ko‘ra, uchinchi o‘rinni Surxondaryo viloyati vakilasi Adolat Ismoilova egalladi. Ikkinchi o‘rin jizzaxlik Hulkaroy Hasanova hamda Farg‘onadan kelgan Jamshidbek Abduolimovga nasib qildi.

“Konstitutsiya bilimdoni-2024” da mutlaq g‘oliblikni Xorazm viloyati sha’nini himoya qilgan Nozima Jumaniyazova qo‘lga kiritdi.

     

Taqdirlash marosimida partiya Siyosiy Kengashi tomonidan g‘oliblarga diplom, statuetka va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Shuningdek, barcha ishtirokchilar esdalik sovg‘alari va faxriy yorliqlar bilan taqdirlanishdi.

Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube