Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekistonning yashil taraqqiyot yo'li” nomli kitobi O‘zbekistonning ekologik siyosati, iqlim o'zgarishiga qarshi kurashish va yashil iqtisodiyotga o'tish bo'yicha olib borilayotgan strategiyalarni o'rganish uchun muhim manba hisoblanadi. Kitobda mamlakatimizning ekologik masalalarga bo'lgan yondashuvi va Orol fojiasi kabi global ekologik muammolarga qarshi kurash bo'yicha tashabbuslari haqida so'z boradi.

Birinchi bob: “YASHIL” TARAQQIYOT – BASHARIYAT TANLAGAN YO'L
“Hozirgi davrda jahon miqyosida uchta inqiroz, ya'ni iqlim o'zgarishi, biologik xilma-xillikning qisqarishi va atrof-muhit ifloslanishi, tabiiy resurslarning kamayishi shiddat bilan davom etmoqda. Ushbu muammolar barqaror rivojlanish yo'lida insoniyat uchun eng asosiy tahdidlarga aylangan.”
Birinchi bobda, global inqirozlar — iqlim o'zgarishi, bioturizmning qisqarishi va tabiiy resurslarning kamayishi haqida so'z boradi. Ushbu muammolar barqaror rivojlanish yo'lida eng katta tahdiddir, va ular mamlakatlar o'rtasida hamkorlikni talab qiladi. Prezident Mirziyoyevning aytishicha, “Barqaror rivojlanish yo'li — bashariyat uchun yagona to'g'ri yo'ldir”. Shunday qilib, “hech bir mamlakat yolg'iz holda ushbu global xavf-xatarlarni chetlab o'tish yoki bartaraf etishga qodir emas” deb ta'kidlanadi.
Prezidentimiz 2017 yilda BMT Bosh Assambleyasida Orol fojiasi aks etgan xarita bilan chiqib, ekologik muammolarga qarshi xalqaro hamjamiyatni birlashtirishga chaqirgan edi. Kitobda Orolbo'yi hududida ekologik barqarorlikni ta'minlashga qaratilgan takliflar ham o'z o'rnini egallaydi. “Ushbu xatarlar kun sayin o'zining ‘halokatli nuqtasi’ga yaqinlashayotgani, bunday murakkab sharoitda hech bir mamlakat yolg'iz holda ushbu global xavf-xatarlarni chetlab o'tish yoki bartaraf etishga qodir emas” degan fikrlar bilan kitobda global xavf-xatarlar haqida gapiriladi.

Ikkinchi bob: Markaziy Osiyo – “Yashil” taraqqiyot va barqaror kelajak sari
"Butun dunyoda bo'lgani kabi Markaziy Osiyo mintaqasida ham yuz berayotgan iqlim o'zgarishlari, suv resurslarining tobora taqchil bo'layotgani, ekologik muammolar soha ilm-fan va ishlab chiqarish uyg'unligini ta'minlash naqadar dolzarb ekanini ko'rsatmoqda."
Ikkinchi bobda, Markaziy Osiyo mintaqasida suv tanqisligi, iqlim o'zgarishlari va ekologik xavf-xatarlar haqida batafsil so'z boradi. 30 yil ichida mintaqada havoning o'rtacha harorati 1,5 darajaga ko'tarilishi va muzliklarning uchdan biri erib ketishi kutilmoqda. “Kitobda ta'kidlanganidek, keyingi 30 yilda mintaqamizda havо harorati bir yarim gradusga ko'tarildi. Muzliklar umumiy maydonining qariyb uchdan bir qismi yo'qolib ketdi.” Bu o'zgarishlar suv resurslarining qisqarishiga olib keladi va bu mintaqadagi ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikka jiddiy tahdid soladi.
"Agar o'z vaqtida ta'sirchan choralarni ko'rmasak, ushbu muammolar oqibatlari mintaqamizdagi ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikka jiddiy putur yetkazadi. Faqat qat'iy iroda, tizimli yondashuv, hamjihatlik evaziga yechim topish mumkin."
Bundan tashqari, "Markaziy Osiyoda suv taqchilligi muammosiga alohida o'rin ajratilgan". Mintaqadagi suv resurslari talabni qondira olmaydi va 2040 yilga kelib, suv ehtiyoji uch barobar oshishi mumkinligi aytiladi. Bu esa iqtisodiy zararlarni keltirib chiqaradi, va mintaqaviy hamkorlikning ahamiyati yana bir bor ta'kidlanadi. "Vaqt o'tishi bilan iqtisodiy zarar yalpi mintaqaviy mahsulotning 11 foiziga yetishi mumkin."

Uchinchi bob: Yangi O‘zbekiston – «Yashil» taraqqiyot yo‘li

“Yangi O‘zbekistonda yashil taraqqiyot yo‘li bugungi kunda umummilliy harakat darajasiga ko‘tarildi.”

Uchinchi bobda, O‘zbekistonning yashil taraqqiyot yo‘li va ekologik islohotlari haqida so‘z boradi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bir yillik tadbir emas. Uning doirasida kelgusi besh yilda 1 milliard tup daraxt ko‘chatini ekish maqsad qilingan. Bu loyiha nafaqat ekologik barqarorlikni ta’minlash, balki milliy qadriyatlarimizni saqlashga qaratilgan.

“O‘zbekistonning muqobil manbalardagi foydalanishdagi ilg‘or yondashuvlari, ko‘zlangan marralari ham ushbu bobda aks etgan.” Prezident Mirziyoyevning 2030 yilga qadar qayta tiklanadigan energiya ulushini 54 foizga yetkazish, yangi quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish haqidagi rejalar ham kitobda batafsil keltirilgan. “2030 yilga qadar mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya ulushi 54 foizga yetkazish, kelgusi yillarda yana 18 gigavatt quyosh va shamol, 3 gigavatt gidro elektr stansiyalari, 5 gigavatt energiya jamlash sig‘imlari hamda 5 milliard dollarlik elektr tarmoqlarini ishga tushirish rejalariga ham so‘z borgan.”

Xulosa

Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekistonning «yashil» taraqqiyot yo‘li” kitobi O‘zbekistonning ekologik va iqlimga oid siyosatidagi asosiy tamoyillarni aks ettiradi. Kitobda ekologik xatarlar, barqaror rivojlanish, yashil iqtisodiyotga o‘tish va xalqaro hamkorlikda erishilgan yutuqlar haqida so‘z boradi. Ushbu kitob nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo va jahon miqyosidagi ekologik muammolarga qarshi kurashdagi strategik yondashuvni tushunishda muhim manba hisoblanadi.

 

 
 
 
Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube