YANGI TALABALAR TURAR JOYI QURILISHI YANA BIR BOR KO‘ZDAN KECHIRILDI
Bugun O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov universitet rahbariyati vakillari hamda mas’ullar bilan birgalikda Zakovat ko‘chasi, 7-uy hududida bunyod etilayotgan yangi talabalar turar joyi qurilish maydoniga navbatdagi ishchi tashrifni amalga oshirdi.
Tashrif davomida qurilish ishlari borishi, bajarilgan ishlar hajmi hamda navbatdagi bosqichlarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan vazifalar atroflicha muhokama qilindi. Mas’ullar tomonidan qurilishning bugungi holati yuzasidan axborot berilib, olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishildi.
Rektor tomonidan qurilishning har bir bosqichini sifatli tashkil etish, belgilangan muddatlarga qat’iy rioya qilish, zamonaviy qurilish standartlari asosida barcha qulayliklarga ega talabalar turar joyini barpo etish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, qurilish jarayonini tizimli nazorat qilib borish hamda ob’ektni belgilangan muddatda foydalanishga topshirish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.
Universitetda amalga oshirilayotgan mazkur bunyodkorlik loyihasi talabalar uchun zamonaviy, xavfsiz va qulay yashash sharoitlarini yaratish, oliy ta’lim muassasasining infratuzilmasini yanada rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.
2026-06-22 01-42