Ayni kunlarda O’zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi delegatsiyasi tarkibida Rossiyaning Sankt-Peterburg davlat universitetining 300 yillik yubileyi tadbirlari doirasidagi Hamkor universitetlar rektorlari forumida ishtirok etmoqda.
Ushbu anjumanda delegatsiya a’zolari mamlakatimiz ta’lim tizimini yanada takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan samarali ishlohotlar, O’zDJTU misolida respublika iqtisodiyotining turli sohalari va tarmoqlari uchun rus tili bo’yicha malakali kadrlar tayyorlash holati va istiqbollari to’g’risida taqdimotlar o’tkazadilar.
Anjuman doirasida “Universitetlar va oliy ta’lim transformatsiyasida sun’iy intellektning ahamiyati” mavzusi asosiy masalalardan biri sifatida tanlangan.
Axborot va kommunikatsiya texnologilari rivojlangan XXI asrda sun’iy intellekt muqim va muhim o’rinlarni egallab borayotgani barchaga ma’lum. Forum ishtirokchilari uchbu mavzu bo’yicha fikr almashadilar hamda yangi fikrlar, yondoshuvlar va g’oyalar bilan o’rtoqlashadilar. Bu universitetimizning yangi rivojlanish strategiyasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
ℹ️ Ma’lumot uchun: 1724-yilda Pyotr I farmoyishi asosida tashkil etilgan Sankt-Peterburg davlat universiteti eng qadimiy, shu bilan birga hozirda eng yirik va xalqaro reytinglarda yuqori o’rinlarni egallab turgan nufuzli klassik universitetlardan biri hisoblanadi. Universitet mahalliy va xorijiy talabalarga 500 dan ortiq bakalavriat ta’lim yo’nalishlari, magistratura mutaxassisliklari, doktorantura dasturlarini taklif etadi. 30 000 dan ortiq talaba uchun 12 000 ga yaqin professor-o’qituvchilar mashg’ulotlar olib boradi. Sankt-Peterburg davlat universiteti dunyoning 71 mamlakatidagi 450 dan ortiq oliygohlar bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻygan. Oliygohga yiliga 3 000 dan ortiq xorijiy talabalar turli dasturlar asosida tahsil olish uchun qabul qilinadi.