RASMIY MUNOSABAT!!!
Joriy yilning 12-aprel kuni universitetimizning sevimli “ELTUZ” Telegram kanali “Rektor hammani yoppasiga forma tiktirishga majburlamoqda” sarlavhasi ostida navbatdagi “tekshirilmagan” ma’lumotlarni eʼlon qildi.
“ELTUZ” kanali universitetimiz haqida hech qanday asoslanmagan, tekshirilmagan materiallarni tez-tez eʼlon qilib turadi. Mazkur Telegram kanalni biror xabarni eʼlon qilishdan oldin uni haqiqatga yaqin yoki uydirma ekanligini tekshirib, keyin eʼlon qilishga chaqiramiz.
Xabaringiz bor, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat oliy taʼlim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2021-yil 24-dekabr, PQ-61-sonli qaroriga asosan, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetiga mamlakatimizdagi 36 ta yetakchi davlat oliy taʼlim muassasalari qatorida 2022-yil 1-yanvardan boshlab moliyaviy, akademik va tashkiliy mustaqillik berilgan.
Shundan soʻng, OʻzDJTU oʻzining imijini shakllantirish va rivojlantirish maqsadida qator tashabbuslarni amalga oshirib kelmoqda. Xususan, universitet Kengashining 2023-yil 22-iyundagi 11-sonli bayoni asosida Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti Odob-axloq Kodeksi tasdiqlandi. Unga koʻra, universitetda kiyinish, tashqi kоʼrinish va xulq-atvorga bоʼlgan talablarni ixtiyoriy tarzda о‘rnatish belgilab qoʻyildi.
Hozirda universitet logosi tushirilgan forma yaratilib, u professor-oʻqituvchilar va talabalar ixtiyoriga topshirildi. Ammo taklifni qabul qilish majburiy, deb belgilanmagan. Universitet imijini yaratish maqsadida tashkil etilgan taklif notoʻgʻri talqin qilinmoqda. Bundan esa ayrim kimsalar universitetni obro’sizlantirish maqsadida foydalanmoqda.